Bosh vazir ishdan ketishi kerakmi yoki uning buyrug‘ini bajargan direktormi?
O‘tgan kuni Navoiy viloyatidagi maktabda bolalarning sochini majburiy olish haqidagi lavhalardan so‘ng taʼlim mutasaddilari bir ovozdan bolalarning sochini majburiy olish qonunga zid ekanligi, maktab direktorining muqarrar ishdan ketishini aytishdi. Katta ehtimol bilan direktor ishda qolmaydi.
Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripovning “Davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7-bandida o‘quvchilar (o‘g‘il bolalar)ning sochi 2-3 santimetrdan ortiq bo‘lmasligi aytiladi.
Demak, maktab direktori hukumat rahbarining buyrug‘ini bajarish ortidan ishdan olinmoqda. Bolalar Ombudsmanidan tortib, taʼlim mutasaddilari qarshi chiqqan amaliyotni oqlash niyatim yo‘q, ammo bunday holat inson huquqlarning buzilishi bo‘lsa, avval Bosh vazir ishdan olinishi kerakmasmi?… Chunki u yuqori turuvchi rahbar sifatida bu huquqbuzarlikka nafaqat ruxsat berdi, balki buyurdi.
Inson huquqlari va konstitutsiyaviy tamoyillarga zid bunday qarorlar tiqilib yotibdi. Qonunchilikni takomillashtirish tugul uni qo‘llash amaliyoti bilan ham hech kimning ishi yo‘q. Faqat tarmoq bong ursa, bu borada nimadir devorish kerak bo‘lyapti.
Birgina fuqarolarning majburiy ravishda soqolini olish kampaniyasini eslang! Agar navoiylik maktab rahbarining amali qonunga zid bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlarining “antisoqol” reydlari ham qonunga zid emasmi?
Bu borada yuksak zakovatli ombudsmanlarimiz nima deydi? Siz ham shu savolni takrorlang-chi, ovozimiz qayergacha yetarkin.