Sudyalarning “texnik xato”lari ko‘payib ketmayaptimi?
Sudyalarning “texnik xato”lari ko‘payib ketmayaptimi?
Siz suratda ko‘rayotgan 3 nafar sudya Toshkent shahar maʼmuriy sudi kassatsiya instansiyasining sudyalari Yuldoshev, Hojiyev va Talipovlardir. Ular 2021 yilning fevralida arizachi Mirabbos Sagdullayevning murojaatini ko‘rib, hal qilishgan. Surat xira bo‘lsa ham ko‘rinib turibdiki, sudyalar erkak jinsiga mansub va bu dastlabki sud bayonnomalarida ham aks etgan.
Ammo arizachi sud ajrimini qo‘liga olgach, kassatsiya hayʼatiga raislik qilgan sudyaning ismi-sharifi o‘zgarib, ayol kishiga “aylanib” qolibdi: ajrimga sudya Usmonova rais sifatida imzo chekkan. Bunday “qovun” keyinchalik to‘g‘irlanib, “texnik xato”ni barataraf qilish yuzasidan qo‘shimcha ajrim chiqarilgan.
Ehtimol, nima bo‘pti, deyarsiz, ammo fursatdan foydalanib, sudyalarimizni boqayotgan soliq to‘lovchi sifatida o‘rtaga savol tashlamoqchiman: “Sudlar qachongacha bunday texnik xatolarga yo‘l qo‘yishadi? Bunday texnik xatolarning ko‘lami qancha? Bunday texnik xatolar inson taqdirida muhim bo‘lgan hukm-u ajrimlar sifatiga qanday taʼsir qilmoqda?”
Agar haydovchi texnik xatoga yo‘l qo‘ysa, xatoning inson taqdirida qanday aks etishini tasavvur qilish uchun aqlli bo‘lish shart emas. Noshir xato qilsa, o‘quvchiga jabr, shifokor xato qilsa, bemorning hayoti xavf ostida qoladi. Sudlar xato qilsa, o‘zingiz tasavvur qilavering!
Shu paytgacha sudlardagi juda ko‘plab “texnik xato”lar haqida yozdim, ammo tizim maʼmuriyatidan bu borada jo‘yali bir izoh ololmadik. Xatolikka yo‘l qo‘yayotgan shaxsning aybini yashirishga urinish, vaziyatni xaspo‘shlashga harakat. Sud hujjatlaridagi imlo xatolarni ko‘rib, shular ham maktabda o‘qiganmikan, deb o‘ylab qolasan kishi.
Rahbariyatda tizimni takomillashtirishga urinishdan ko‘ra, o‘zimizni g‘alamisga chiqarish harakati kuchli. Yaʼni, biz omma oldida go‘yo tizimga ishonchsizlik uyg‘otuvchi nobakor kimsamiz…
Bugun men tilga olgan maʼmuriy ish Toshkent shahar maʼmuriy sudining taftish instansiyasida ko‘rib chiqildi. Harbiy dala sudlariga xos tezkorlik (19 daqiqa 56 soniya) bilan ko‘rilgan ishda o‘zgarish bo‘lmadi va Oliy sudga shikoyat berishga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo Oliy suddan ham deyarli umidimiz yo‘q, chunki tizim boshida ular o‘tiribdi.
Nima qilmoq kerak?.. Mullado‘st aytgani kabi “Sizlar nima qilsangiz ham shariatga mos kelaveradi-ya” deb qo‘l ko‘tarib ketaveramizmi? Tushunmay qoldim…