O‘zbekiston MTRK ham konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanishi kerak
Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining appelyatsiya sudlov hayʼati quyi instansiya sudi tomonidan O‘zbekiston JKning 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan ayblanib, shartli ravishda 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Sevara Shaydullayevaga nisbatan hukmni kuchda qoldirdi.
Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro S. Shaydullayeva 2023 yilning sentyabr oyida otasining telefon apparatiga 1991 yilda Namanganda prezident Islom Karimovning mahalliy hokimiyat binosini bosib olgan ekstremistlar rahbari Tohir Yo‘ldosh bilan tarixiy muloqoti aks etgan havolani yuborgan.
2014 yilda tarmoqqa joylashtirilib, 7 milliondan ortiq prosmotr yiqqan “Legendarnaya syemka. Taxir Yuldash i Islam Karimov v Namangane v 1991 godu” deb ataluvchi mazkur video konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan jinoyat sifatida eʼtirof etildi.
Sudga oid dinshunoslik ekspertizasiga ko‘ra, mazkur kontent ekstremistik, taʼqiqlangan va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi material, deb topilgan. Holbuki, mazkur videokontent O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallari orqali ommaga to‘liq namoyish etilgan. Bu haqdagi barcha maʼlumotlarni sudga taqdim etdik.
Demak, Sevarani ayblagan sud O‘zbekiston MTRKga nisbatan ham xususiy ajrim chiqarib, kompaniyani jinoiy taʼqib doirasiga kiritishi kerak edi. Aksincha, qonun ustivor yurtimizda huquqiy yondashuv masalasi ikki xil standartga asoslangan bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini sudga oid dinshunoslik ekspertizasi bilan ekstremistik, taʼqiqlangan va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi materialni tarqatganligi uchun O‘zbekiston MTRK tarkibiga kiruvchi bir necha telekanallarni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda ayblashga, aksincha, Sevara Shaydullayeva ishi yuzasidan yuqori sudlarga protest kiritishga chaqiraman.