Diplom mojarosi: Istanbuldan Toshkentgacha…
Istanbul shahar hokimi Akrom Imomo‘g‘lining oliy maʼlumotiga oid diplomi mojarolari ortidan qamoqqa olinishi mamlakatda yirik tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. Ammo bizning o‘lkada soxta diplom, oliy taʼlimdagi jinoyatlarga kichik ko‘ngilsizlik deb qaraladi.
Tarmoqlarda Respublika Sudyalar Oliy kengashi raisi o‘rinbosarining singlisiga tegishli ekani aytilayotgan soxta diplom tasvirlari paydo bo‘ldi. Mualliflarga ko‘ra, opamiz diplomini yo‘qotgan ekan, uning dublikatini olish chog‘ida oddiy diplom imtiyozliga aylanib qolibdi. Sizga aytaman: bu hech nima emas, nari borsa hujjatni qalbakilashtirish va hokazo.
Ammo boshqa soha xodimlariga yuridik diplomlarning berib yuborilishiga nima deysiz? Ular biror kuni prokuror bo‘ladi, sudda ishlaydi, bevosita Sizning taqdiringizga oid masalalarni hal qiladi.
Bir necha yil avval Toshkent Davlat yuridik universiteti qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va hatto zootexnika sohasining 40 ga yaqin bakalavr bosqichini yakunlagan talabalarni ikki yil magistraturada o‘qitib, yuridik diplom berib yuborgan. Hatto magistirlar orasida o‘sha paytdagi rektor Kanʼyazovning qizi ham bo‘lgan, bu janob jinoyatlar ortidan ko‘tarilib ham ketdi.
O‘shanda Bosh prokuratura Adliya vazirligiga taqdimnoma kiritgani, bir qancha shaxslarning javobgarlikka tortilganiga qaramay asosiy aybdorlar qutulib qolgan. Universitet jamoasi menga hozirgi kabi virtual hujumlar uyushtirgan, bu jinoyatlarning Hukumat qarori bilan amalga oshirilganini taʼkidlagan.
Shunaqa – bir mamlakatda soxta diplom yirik mojaroga aylanadi, boshqa osmoni musaffo yurtda korrupsiya Vazirlar Mahkamasi qarori bilan amalga oshiriladi. Soha olimlari esa bunday ko‘ngilsizliklarni muhokama qilish o‘rniga odamlarni sudga berib yuradi.

