Yuridik universitet domlalari Abdurahmon Tashanovni sudga berishdi

#Qoyalar_va_soyalar

Yuridik universitet domlalari meni sudga berishibdi

Bugun fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudidan Toshkent Davlat yuridik univeriteti professor-o‘qituvchilari R. Altiyev va O. Narziyevning daʼvo arizasi nusxasi va sudga chaqiruv qog‘ozi oldim. Muhtaram domlalarimiz meni o‘zlarining shaʼn va qadr-qimmati, ishchanlik obro‘yini to‘kishda ayblabdi. Nachora, Alining maydoni, sudlashsak sudlashibmiz-da!..

Shu ikki odam metan zapravkasi qahramoni G‘ayrat Do‘stov ishidan so‘ng meni virtual taʼqib qilib kelishmoqda, avvallari biror postimga munosabat bildirmagan bu professorlar menga qarshi o‘nga yaqin postlar yozishdi. Aqlimni kirgazib qo‘yish, savodsizligim, mamlakatimizdagi olmashumul islohotlarni ko‘ra olmasligimni taʼkidlashdi.

Domlalarimizning postlari g‘amxo‘rlarning ko‘magi bilan anonim saytlar, telegramm kanallar va trolling bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruhlarda yuz minglab nusxalarda tarqatildi, javob bermadim. Bunday trolling haliga qadar davom etmoqda.

Biroq ayrim do‘stlarning maslahati bilan shu yilning 28 fevral kuni Feysbukda “Sizga achinaman, janoblar” degan kichikkina post qoldirdim. Postim oxirida professorlarimizga salomatlik tiladim. Vaqtingizni qizg‘anmasangiz, postimga (havola sharhlarda) nazar tashlab qo‘ying.

Domlalarning go‘yo mana shu postdan so‘ng ishchanlik obro‘yi to‘kilib, 200 million so‘m maʼnaviy zarar ko‘ribdi. Postimda haqorat, so‘kinish yo‘q, ammo ularning menga qarshi “faoliyat”idan so‘ng minglab haqorat, shaʼn va qadr-qimmatimni kamsituvchi so‘kishlar eshitdim, trollinglar davom etmoqda, ko‘ramiz.

Sud 11 aprel kuni soat 11.30 da. Qiziqqanlar bo‘lsa, keling, sudlashamiz.

-Abdurahmon Tashanov

Leave a Reply

Sizning Email manzilingiz chop etilmaydi Shu * belgi joylashtirilgan joylarni to'ldirish shart