Oliy sud muammodan chiqishning antiqa yo‘lini topdi

Oliy sud muammodan chiqishning antiqa yo‘lini topdi

Advokatlarning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yozishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining kassatsiya sudlov hayʼati muammodan chiqishning antiqa yo‘lini topdi. Va, bu uslub barcha sudlarda joriy qilinsa, balki odil sudlovning zafarli odimlari misli ko‘rilmagan samara berar…

1-1008-2207/452-sonli jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining takroriy kassatsiya instansiyasida ko‘rilishi davrida mazkur ish bo‘yicha sud kotibi U. Farohiddinov O‘zbekiston Respublikasi DXX organi tomonidan 10000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ajiotaj yasagan bu hodisadan sarosimaga tushmagan Oliy sud muammodan chiqishning antiqa yo‘lini topdi: mahkamada tarjimon sifatida ishtirok etayotgan K. Nasirovni Farohiddinovning o‘rniga sud kotibi qilib o‘zgartirib qo‘ydi. Chunki qamoqda o‘tirgan kotib sud bayonnomalarini imzolab ketishi imkonsiz edi-da. Nima qipti, shu-uncha qoidabuzarlikning oldida bu nima bo‘pti, deyishgandir balki!..

Ehtimol, vabo kelganda tumov ham dardmi, degan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi uchun bu arzimas voqeadir. Ammo bu hol odil sudlov iddaosi bilan ilgari odimlayotgan ayrim sudyalarimizning aslida soxta va insonlar taqdiriga bepisand, qonunlarga tupurganini bildiradi sizga aytsam.

Chunki biror kim, masalan, so‘zni so‘zga ulashga qiynaladigan bloger hujjatlarni soxtalashtirsa, oyog‘ini yerga tekizmay olib ketishadi. Ammo soxtakor Oliy sud sudyasi uchun bu bir huzurbaxsh ermak, nazarimda.

Yuqorida aytganimdek Oliy sud uchun arzimagan, kichik bir ko‘ngilsizlik haqida advokatlar prezidentdan tortib, boshqa idoralargacha yozib yotishibdi. Chunki ana shu “arzimagan” xato ko‘plab insonlarning taqdirini chappa qilib yuboradi.

Bundan xabardor idoralar esa hamma shikoyatlarni Oliy sudning o‘ziga yubormoqda — chunki bundan moʻtabar dargoh yo‘q-da!..

Leave a Reply

Sizning Email manzilingiz chop etilmaydi Shu * belgi joylashtirilgan joylarni to'ldirish shart