Huquqiy davlatchilik orzuligicha qoladimi?
Huquqiy davlatchilik orzuligicha qoladimi?
BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi aʼzosi Akmal Saidovga!
Akmal Xolmatovich, shu yilning 4 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tumani sudi sudyasi A. Narmuhamedov 3-1008-2408/3517-sonli maʼmuriy ish doirasida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 195-moddasi va 194-moddasi 1-qismi bilan ayblangan 8 nafar shaxsni video konferensiya orqali sud qilib, 15 sutka qamoqqa oldi. Sudya maʼmuriy ish materiallarini o‘rganish tugul hatto to‘liqroq o‘qib chiqqaniga ham shubham bor.
Go‘yo, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan bu yoshlar turli joylardan terib olingan, o‘zaro tanish bo‘lmagan shaxslar bir maʼmuriy ish doirasida sudlanishdi. Maʼmuriy ish materialarini ko‘zdan kechirsangiz, unda shunday katta qovunlar borki, uni Ichki ishlar vaziri ham, Oliy sud raisi ham ko‘tara olmaydi.
Tushunishimcha, ularning 15 sutkaga olinishi shunchaki oldindagi “jiddiy ayblov”ga tayyorgarlik. Hozirda 8 nafar shaxs na advokatlariga, na qarindoshlariga ko‘rsatilmayapti. Ularning nimada ayblanayotgani, sog‘lig‘i, va hatto tirikligi borasida maʼlumot berilmayapti. Himoya huquqidan mahrum, maʼmuriy jazo o‘tayotgan joyidan tergovlarga olib borilmoqda. Ularning qayerdaligini ham hech kim bilmaydi.
Jamoatchilik oldida barcha masʼuliyatni bo‘ynimga olib ayta olamanki, jinoyat qidiruv va tergov bo‘limining shaxsni zo‘rovonlik qilmay, qonunan taʼqib qilishga salohiyati yetmaydi. Aksincha, Siz nufuzli qo‘mitaga aʼzo bo‘lgan hozirgi pallada 15 sutkalik “navbatchi qamoq”lar urfga kirmasdi. Kechagina seniki, meniki bo‘lib yotgan Sizning muallifligingizdagi yangi Konstitutsiya bunchalar oyog‘osti bo‘lmasdi?
Akmal Xolmatovich, melisalaringizga ayting, maʼmuriy qamoq jazosini o‘tayotgan yoshlarning tirikligi, ularning nimada ayblanayotgani haqida ularning advokati, oilalariga maʼlumot berishsin. Qonun ishlamaydigan o‘lkada Sizga shu tariqa murojaat qilishga majburmiz. Bu shikoyatni BMTning masʼul qo‘mitalariga ham tegishli tartibda yo‘lladik, ammo xatimiz Jenevani aylanib kelguncha, ota-onalarning yuragi ko‘tara olmaydi…