Hammasi kadrlarga bog’liq…
Hammasi kadrlarga bog’liq…
Nemis davlat arbobi Bismarkning gapini ko‘p eslayman – har qanday qonunlar yaxshi amaldorlarning qo‘lida yaxshi ishlaydi mazmunidagi ibora. Haqiqatan ham shunday.
So‘nggi bir necha kun ichida Oliy Majlisning Bolalar huquqi bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonovaga ayrim muammolar yuzasidan murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Vakil xonimning shashti, shijoati va muammolarni tezkor yechishi hayron qoldirdi meni.
U kishining Bosh prokuratura matbuot xizmatini boshqargan chog‘idagi faoliyatini ham jurnalist hamkasblarimiz mamnuniyat bilan eslashadi. Qilsa, ishlasa bo‘larkan-ku, deyman o‘zimcha. Demak, hammasi hohishga, salohiyatga bog‘liq ekan. Qaniydi, Ombudsman, Biznes Ombudsmanda ham shunday shijoat bo‘lganida.
Albatta, bola huquqlari sohasida muammolar ko‘p. Boz ustiga, bugun bir xalqaro tashkilot hisobotida mamlakatimizda bolalarning to‘yib ovqat emasligi borasida iddaolar yangrabdi, hukumat bu masalada qo‘lidan kelgan choralarni ko‘rar.
Ammo sohaning institutsional rivojlanishida Bolalar ombudsmanining roli katta. Surayyo opaga bu borada omadlar tilaymiz. U kishining hali matbuotga chiqmagan yaxshi ishlaridan xabardorman.
Shaxmat dahosi Kasparov yurtdoshimiz Rustam Qosimjonovni bliss shaxmatda tengsiz, deya e‘tirof etgandi: bolalar masalalariga reaktsiyada Rahmonovaga teng keladigan amaldorni hozircha ko‘rmadik. Ko‘z tegmasin, bardavom bo‘lsin!