Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi…

Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi…

Baxti Tashkentskiy mahkamasiga raislik qilayotgan sudya Obidov “Daryo.uz” nashri muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat qilibdi: sud majlisi tafsilotlarini matbuotda oshkor qilgani uchun.

Katta ehtimol bilan Otabekka nimadir chora ko‘rishsa kerak. Sudya arizasida mahkama jarayonlarida Baxtiyor Qudratullayevning o‘z “faoliyat”ini amalga oshirishini, yaʼni ko‘chani nazorat qilishni davlat tashkilotlaridan biri iltimos qilgani haqidagi ko‘rsatmani matbuotga chiqarganinini vaj sifatida ko‘rsatadi.

Avvalo, mamlakatimiz huquqiy demokratik o‘lka bo‘lganida “Sudya nega Tashkentskiyning ko‘rsatmasiga aniqlik kiritishga harakat qilmadi? Uning ko‘rsatmasidan kelib chiqib, nega o‘sha davlat tashkilotini aniqlamadi” degan savol bilan boshlardim postni. Bunday savol ayni paytda ortiqcha, aytolmasak ham nimalar bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Qolaversa, sudyalarimizda bunaqangi jasoratning o‘zi yo‘q yoki o‘g‘rining nima demoqchiligini bilishadi ular.

Biroq bu o‘rinda bir muhim jihatga eʼtibor qarataylik. Milliy sudlov tizimimiz o‘ziga xos o‘yin qoidalari, yaʼni axborot siyosati yaratib oldi: istagan paytda aybsizlik prezumpsiyalariga tupuradi, istasa shaxsga oid maʼlumotlarga oid qonunchilikni ham buzaveradi. O‘zlariga manfaatli bo‘lgan sud majlislariga jurnalistlarni to‘p-to‘p qilib olib kirishadi, hatto sud majlislarini onlayn rejimda efirga berishadi, istamasa teskarisi. Bunday manipulatsiyadan maqsad ayon, har holda, bu mamlakatda bugun yashayotganimiz yo‘q.

Bu g‘irrom o‘yin qoidalari mustahkamlanib borarkan, matbuot davlatning o‘ziga xos propagandasiga aylanib boradi, so‘z erkinligi asta-sekin barham topadi. Yo‘qsa, eʼtibor bering, nega sudya Obidov Tashkentskiy o‘dag‘aylagan kunning o‘zida ajrim chiqarib, jurnalistlarga bunday “nozik ko‘rsatmalar”ni chiqarmaslik majburiyatini yuklamadi? Nega sudni ochiq qilib, hammaga tasvir uchun ruxsat berdi-yu, so‘ng o‘zi changallab qoldi. Chunki jamoatchilikda “o‘g‘ri qaysi sherigini tilga olyapti”, degan savollar, pichir-pichirlar ko‘payib ketdi.

Jurnalistlarga qiyin zamonlar kelyapti. Yetti o‘lchab bir kesmoq, intirgalardan uzoq turish davri. Bu jarayonda AOKA, Jurnalistlar soyuzi, allaqanday mass-medialarning ko‘magiga umid bog‘lamang, ular ham Siz kabi nochor odamlar… faqat xalqaning boshqa bir bo‘g‘inida. Lekin ko‘ngilga taskin beradigan yana bir jihat bor — jamoatchilikning vaziyatga taʼsiri ortmoqda. Aksincha, bechora sudya bunday kulgili holatga tushmasdi.

Leave a Reply

Sizning Email manzilingiz chop etilmaydi Shu * belgi joylashtirilgan joylarni to'ldirish shart