Ayblanuvchining ahvoli og‘ir: ehtiyot chorasi o‘zgarishi kerakmi?
Ayblanuvchining ahvoli og‘ir: ehtiyot chorasi o‘zgarishi kerakmi?
Albatta! Hali sud hukmi bilan aybdor deb topilmagan, boz ustiga, og‘ir jinoyatda ayblanmayotgan shaxsning ahvoli og‘ir bo‘lsa, uning salomatligi hayotiga xavf tug‘dirsa, qamoq ehtiyot chorasi, shubhasiz, o‘zgarishi lozim. Bu borada Avaz Qilichevning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yordam so‘rab, jamiyatimizga Buxoro viloyatining Romitan tumanida yashovchi otasi Obid Qilichev murojaat qilgan.
Murojaatga ilova qilingan hujjatlarga ko‘ra, Avaz Qilichev DXXning Tergov boshqarmasi tergovchisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 237- (Yolg‘on xabar berish) va 238-(Yolg‘on guvohlik berish) moddasida nazarda tutilgan jinoyatda ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan. Tergovchi I.Sobitovning qarori bilan tayinlangan tibbiy ekspertiza esa Avaz Qilichevning ahvoli og‘irligini bayon etgan.
Ekspertizaga ko‘ra, Avaz Qilichev uzoq yillik gipertonik, unda koviddan so‘ng ikki tomonlama son suyagining yemirilishi, surunkali piyelonefrit, surunkali yurak yetishmovchiligi rivojlangan. Avazdagi ushbu kasalliklar tergov jarayonida yana-da og‘irlashdi.
Takrorlayman, tergovchi “sudga oid tibbiy ekspertiza” tayinlab, ekspertlar komissiyasidan “hozirgi paytda salomatlik holati bo‘yicha A. O. Qilichevni qamoq sharoitida saqlash tavsiya etilmaydi”, degan xulosa olgan. Biroq negadir “qamoqda saqlab bo‘lmaslik bo‘yicha” xulosa olingan bo‘lsa-da, ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqida hech kim bosh qotirmayapti. Bu masalani hal qilishni tergovchi prokurorga, prokuror sudga tashlash bilan ovvora.
Tergov hibsxonasida saqlanayotgan Avaz Qilichev bilan 2024 yil 8 iyul kuni uchrashgan uning advokati uchrashuvda uni ikki qo‘ltiq hassada yurayotganligi, o‘ng oyog‘ini bosa olmayotganligini, ahvoli o‘ta og‘irligini ko‘rgan. Shundan so‘ng DXX raisiga, Bosh prokurorga, Oliy sud raisiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakiliga Qilichev Avazning ehtiyot chorasini o‘zgartirishlarini so‘rab, murojaatlar qilgan.
Odatda qamoq ehtiyot chorasi ayblanuvchining javobgarlikdan qochishga urinishi, tergov yoki odil sudga halal berishi mumkinligi va jinoyatning og‘irlik darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Ammo Avazning ishida bunday asoslarning birortasi yo‘q, u tilxat yoki garov bilan ochiqda bo‘lganida ham tergov va sud ishiga halal berishga qodir emas.
Ammo Avaz hozirda davolanishga, malakali tibbiy yordam olishga muhtoj. Shunday ekan, shaxsning hayoti va salomatligini kafolatlagan O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi uni himoya qilishi kerak. Zero, insonni qamoqda saqlab turishdan ko‘ra uning hayoti va salomatligi ustun turadi.
Shuningdek, qonunchilikda ehtiyot chorasini qo‘llashda ayblanuvchining shaxsini, mashg‘ulot turini, yoshi, sog‘lig‘i, oilaviy ahvoli va boshqa holatlarni ham hisobga olish lozimligi qayd etilgan.
Tergov va sud organlarini hozirda DXX tergov hibsxonasida saqlanayotgan Qilichev Avazga nisbatan ko‘rilayotgan ishga insonparvarlik va gumanizm tamoyillari asosida yondashishga va unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini zudlik bilan o‘zgartirishga chaqiramiz.
Abdurahmon Tashanov,
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi JK aʼzosi