“Negativ” nima? Nega lagerlarga ajralyapmiz?
Ko‘pincha meni rasmiylar negativ materiallar tarqatishda ayblashadi. Ularning fikricha, mamlakat hayotiga doir har qanday noxush xabar negativdir. Mening tushuncham va bilimim doirasida axborot yolg‘on yoki rost bo‘lishi mumkin, aslo negativ yoki pozitiv emas.
Masalan, bugun Sariosiyo tumani sudining marhum raisi Vohidjon Norbekovning manfaatlari yuzasidan yurist-konsultantimiz Ozodbek Jo‘raboyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va sug‘urta kompaniyalari ustidan sudga daʼvo arizasi kiritdi.
Shikoyatga ko‘ra, faoliyati davrida vafot etgan sudyaning oilasi unga tegishi lozim bo‘lgan tovon puli va sug‘urta badallarini ololmagan. Oliy sudning tegishli departamenti bu masala ustida bosh ham qotirayotgani yo‘q, avvalgi postimizdan so‘ng o‘lgan kunlari 10 million so‘m yordam berishgan ekan. Bu holdan xabardor uning har qanday hamkasbida o‘z kasbi va adolatga nisbatan muhabbati so‘nadi.
Aslida tegishli qonunga ko‘ra, sudyaning hayoti sug‘urtalangan, tekin pullardan semirib yotgan sug‘urta kompaniyasi esa bu pulni bergisi kelmaydi. Hamma yerga qo‘li yetadigan Oliy sud yoki Sudyalar Oliy kengashi degan idoraga hamkasblarining taqdiri kapeyka, chunki ularga endi o‘lgan odamdan manfaat yo‘q.
Sizningcha, shu ish yoki daʼvoimiz ortidan tarqatayotgan mazkur xabarimiz negativmi? Ha, ayrim rasmiy va norasmiy chinovniklar nazarida bu negativ. Ular “hukumatimiz boshchiligida har bosh qo‘ydan uchtadan qo‘zi olyapmiz” qabilidagi xabarlarni istashadi. “Negativchi”, ” g‘alamis” yoki “dushman” degan nom olsak ham yuqoridagi pozitivchilarga sherik bo‘lolmaymiz. Anglashimcha, jamiyatimiz allaqachon lagerlarga bo‘linib bo‘ldi.
Negativ istamasangiz, Facebook ning sozlamalar ustuniga kirib, blokirovat tugmasini bosing!