Avaz Qilichev kimning dumini bosdi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida buxorolik Avaz Qilichev yolg‘on guvohlik berishda ayblanmoqda. Ayrimlar olamshumul jinoyatlar sodir etib, ko‘chada yurgan bir paytda o‘ta og‘ir kasallikni boshdan kechirayotgan bu yigit 5 oydan beri qamoqda.
Bugun Toshkent shahar sudlari sud jarayonlarini to‘liq yoritayotgan Effect.uz nashrining chiqishlari yuzasidan o‘z munosabatini e’lon qildi. Munosabatda Qilichevning sog‘lig‘i bo‘yicha uchinchi marta tibbiy komission ekspertiza tayinlangani aytiladi. Holbuki, avvalgi ekspertizalarda Qilichevning ahvoli og‘irligi, uni qamoqda saqlash mumkin emasligi ta’kidlangan. Qo‘limizda sudlarning ekspertlarga qay tariqa bosim o‘tkazayotganiga oid audio yozuvlar bor.
Oliy sud va Sud’yalar Oliy kengashida bunday qonun buzilishiga oid faktlarni tekshiraman, degan mard topilsa, dalillarni taqdim etamiz. Ammo men bu tizimda qonun ishlashiga ishonmayman va ular toki Qilichevning salomatligi haqida ijobiy xulosa olishga erishmagunicha harakatlarini davom ettiraveradi.
Sud majlislarida Avazning salomatligi yomonligi bois do‘xtir o‘tiribdi. So‘nggi marta sudlanuvchining sudda qon bosimi o‘lchanganida tonometr 180/100 ni ko‘rsatdi, negadir tonometr suddan, prokurordan qo‘rqmadi. Ishni Human Rights Watch tashkiloti ham o‘rgana boshladi.
10 sentyabr’ kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi ekspertiza ko‘rik o‘tkazadi. Qizig‘i, Qilichevda vazirlik va IIVning qamoqda saqlash mumkin bo‘lmagan kasalliklarga oid kelishuvida aks etgan suyak-chanoq kasalligi mavjud. Shunda ham ekspertlar Qilichevni qamoqda saqlayveringlar, desa u kimningdir dumini bosib turgani oydinlashadi.
PS: Menimcha, bugun bizga ham Qirg‘iz mulozimi Tashievga o‘xshash qurolbardor kerak. Bu tizimni falajlik botqog‘idan tortib chiqaradigan mexanizm zarur.