Firibgarlarning reyestri tuzilishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va huquqni muhofaza qilish organlari maʼlumotlariga ko‘ra, keyingi paytlarda mamlakatimizda firibgarlik jinoyatlari soni keskin ortgan. Firibning qurboni bo‘layotgan, aldanayotgan hamyurtlarimizga yetkazilgan zararlarni undirish bilan bog‘liq katta muammolar qarshisidamiz. Hatto 5-6 martalab javobgarlikdan so‘ng ham bu jinoyatlarni bemalol sodir etayotganlar bisyor.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining appelyatsiya sudlov hayʼati qibraylik er-xotinga nisbatan firibgarlikka oid ishni ko‘rmoqda. Erkak quyi instansiya sudi tomonidan 8 yilga, xotin esa 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ayolga qo‘llanilgan jazo 3 yillik sinov muddatiga almashtirilgan. Biroq ish sinchiklab o‘rganilsa, firibgarlikda ayblangan bu xonadon vakillarining o‘zi firib qurboni bo‘lgani ko‘rinadi.

Muqaddam firibgarlik, tovlamachilik jinoyatlari bilan sudlangan shaxslar er-xotinning ishonchiga kirib, uy qurish uchun qarz beradi. O‘zlarini biznes sherik qilib ko‘rsatib, eski-tuski qurilish materiallari bilan yordam bergan bo‘lishadi. So‘ng qarzni qaytara olmagan xonadon egalaridan “pulni qaytarmasam, uyimni beraman” mazmunidagi tilxat olib, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishadi va sodda odamlarni qamatishadi.

Firibgarlikda ayblangan er-xotin Toshkent viloyati sudida musichadek o‘tirgan bu jabrlanuvchilarning yagona o‘ljasi emas. Avval ham xuddi shu ssenariy asosida bir necha xonadonni qon qaqshatgan “jabrlanuvchi”lar bundan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettirsa kerak. Sudlanuvchilarning advokati hayʼatga barcha hujjatlarni taqdim qilgan, ammo adolatdan umid yo‘q. Chunki quyi instansiya sudi ishni sinchikab o‘rganmagan, jabrlanuvchilarning “faoliyati”ga eʼtibor qaratmagan.

Postda ismi-shariflarni keltirmadim, chunki “faoliyat” egalarining qo‘li uzun — huquqni muhofaza qilish organlarida ham tayanchlari borligi, menga ham tashvish keltirishlari mumkinligiga ishonaman. Ammo Toshkent viloyati sudining appelyatsiya sudlov hayʼati gap nima haqida borayotganini yaxshi biladi.

Matbuotdagi chiqishlarimizda pedofillarning, korrupsionerlarning, umuman, ommalashayotgan jinoyatlarning “qora ro‘yxati” — reyestri tuzilishi kerakligi haqida ko‘p gapirdik. Menimcha, firibgarlarning reyestri ham tuzilishi vaqti keldi. Maʼmuriy va jinoyat ishlarida bu huquqbuzarliklarning ulushi ortib borayotgan ekan, buni bartaraf etish yuzasidan maʼmuriy richaglar ham qo‘llanilishi zarur.

Leave a Reply

Sizning Email manzilingiz chop etilmaydi Shu * belgi joylashtirilgan joylarni to'ldirish shart