Toshturma: qizamiq va huquqiy nigilizm epidemiyasi

Shu yilning 11 aprel kuni advokat Zebo Komilova mijozi, gumonlanuvchi Qobil Dusov bilan O‘zbekiston Respublikasi IIVning 1-sonli tergov izolyatori (Toshturma)da uchrasha olmadi. Maʼmuriyat advokatga muassasa qizamiq epidemiyasi uchun yopilganini aytgan.

24 aprel kuni advokat Ozod Jo‘raboyev mijozi, bloger Sitora Bozorova bilan 24-sonli koloniyada uchrasha olmadi. Maʼmuriyat Bozorovaning 3 oy muddatli karserga yopilganini bahona qilgan. Shu bahonada huquqshunos olimlar, advokatlar bilan gaplashdim. Jinoyat ijroiya Kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan tanishdim.

Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, fuqaro har qanday holatda istisnosiz himoya huquqiga ega va o‘z advokati bilan uchrashishi kerak. O‘zbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunida advokat bilan uchrashuv hech bir holatda istisno qilinmagan: gumondor xoh karantmnda bo‘lsin, xoh karserda.

Ammo Jinoyat Ijroiya Kodeksining 109-moddasida karantin yoki epidemiya chog‘ida advokatning mahkum bilan ko‘rishishi masalasi oydinlashmay qolgan va bu yuqoridagi muammoni keltirib chiqarmoqda. Ayrim advokatlar ikki holatda ham mijozlari bilan ko‘rishmoqda: ayrimlariga esa shu lazeyka tufayli imkoniyat qisqargan. Bu bo‘yicha qo‘limizda talay faktlar bor.

Aslida bu kabi huquqiy bo‘shliqlar haqida avvalo olimlar, qolaversa, Ombudsman kabi qonunchilik tashabbusiga ega demokratik institutlar, deputatlar gapirishi, Konstitutsiyaviy suddan izoh so‘rashi kerak. Ammo qani ular?.. Blogerlar va jamoat faollari bilan karantin hamda karser davrida uchrashuvlarga ruxsat yo‘q, boshqalar yo‘lini qilishmoqda.

Nima deymiz endi? Gapirsang og‘zingga urishadi, allomalarning o‘zlari esa izoh berishmaydi bu holatga. Rasmiylar esa o‘sha-o‘sha: sen menga tegma, men senga…

Leave a Reply

Sizning Email manzilingiz chop etilmaydi Shu * belgi joylashtirilgan joylarni to'ldirish shart