Vazir bilan uchrasha olmayotgan zobit
Vazir bilan uchrasha olmayotgan zobit
2001 yili “Hurriyat” gazetasida ishlab yurgan paytimizda qabulga Qashqadaryodan bir kishi keldi. Uning aytishicha, u o‘z paytida “ruhi osmonga ko‘tarilgan” Iso Masih ekan, qiyomat oldidan qayta tug‘ilibdi. SPID xastaligining davosini bilarkan, buni faqat prezident Islom Karimovga aytarkan.
Men soddalik qilib, bu haqda kirib Bosh muharrir Xurshid Do‘stmuhammadga aytibman. Xurshid aka: “Prezident hali SPID bo‘lgani yo‘q, kasallik aniqlansa, o‘zimiz chaqiramiz, haydavoring” dedi. Bizning Islom Karimov shunday odam edi: uning oldiga kirish, bir martagina jamolini ko‘rish uchun odamlar har balo o‘ylab topishardi.
Bu streotip bugun ham amalda. Qabulimga ichki ishlar idoralarining 80 yashar istyefodagi zobiti kelib, o‘z vaziri Bobojonovga uning shikoyatini shaxsan yetkazishimni iltimos qildi. Otaxon 1993 yilda xizmat paytida nogironga aylangan, pensiyaga chiqqan, hozirda ijtimoiy taʼminotdan qiynalmoqda, uy kerak. Pensiya ijaraga ketadi, uning ishonishicha, general Bobojonov bundan bexabar.
Ko‘p marta yozibdi, vazirning ayonlari uning murojaatlarini vazirga o‘tkazmayotgan emish. Aksincha, vazir zo‘r odam ekan. “Vazir zo‘r bo‘lsa, o‘z zobitining murojaati yetib bormaydigan masofada o‘tirarmidi, otaxon, sodda bo‘lmang!” deyman, kuyinib.
Menimcha, otaxonni ishontira olmadim, u kishining vaziriga ixlosi baland. Hatto vazir bilan uchrashish uchun yuqoridagi yurtdoshimiz singari nimadir o‘ylab topsa ajablanmayman. Ayni paytda muammosi hal bo‘lishiga ham ishonmayman.
Darvoqe, rasmning postga aloqasi yo‘q